Djalilov Komil
Таклиф
2019-08-06 19:31:31
Тошкент шаҳар
Жавоб берилган
Davlat amaldorlari (ayniqsa hokimlar) amaldagi qonunlarni buzsa ham, o'zi boshqarayotgan hududlardagi aholining qonuniy huquq va erkinliklarini oyoq osti qilsa ham, selektorda gap eshitish va nari borsa uzr so'rash bilan qutulib qolyapti. Farg'ona, Xorazm, Qashqadaryoda shuncha odamning uyini buzib, jazirima issiqda sarson bo'lishga majbur qilgan hokimlar to'rtta jurnalistni yig'ib, uzr so'raganday qilib, qutulib olishdi. Kamiga, ikkita viloyat hokimi o'sha kunning o'zida qo'l ostidagi tashkilot xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilish haqida farmoyish chiqardi. Andijon viloyati hokimi majlislarda og'zidan bodi kirib, shodi chiqib, respublika miqyosidagi vazirlarni so'ksa ham, spektakllar uyushtirib Prezident siyosatini xalqqa noto'g'ri ko'rsatsa ham hatto uzr so'rashga yaramadi. Buxoro viloyati hokimi viloyatda bir oydan majburiy mehnat davom etayotganini jurnalistlar isbotlab bersa ham, ko'zini lo'q qilib, "qani isbot" deb o'tiribdi. Majburiy mehnat yana oldingiday keng quloch yoymoqda. Qonunlarni buzgan amaldorlarga selektorda gap eshitib, uzr so'rash bilan qutulish mumkinmi? Jazoning muqarrarligi tamoyili faqat oddiy fuqaroga ishlab, amaldorlar uchun ishlamaydimi? Bunday holatlar Prezident olib borayotgan siyosat, amalga oshirilayotgan islohotlarga ishonchni so'ndirmay qolmaydi. "Gapda boshqa, amalda boshqa ekan" degan noxush xulosalarga olib keladi. Taklif: har qanday amaldor qonunni buzsa, jazo muqarrarligi tamoyili ishlashini ta'minlash shart. Faqat amaldan tushirish emas, qonunda ko'zda tutilgan jazo choralari ham qo'llanilishini ta'minlash zarur. Aks holdda huquqiy davlat barpo qilishga urinish befoyda.
Изоҳлар